Yana bu falak uzra tun o'z pardasini yoydi. Mening nigohlarimda esa muhabbat pardasi hilpirab turibdi. Har tun shu hol takrorlanadi. Ko'zlarim ochiq. Nigohlarimni berkitgan muhabbat pardasi ortidan sening ruxsoring namoyon bo'ladi. Ko'z o'ngimga yuragimning ishq koshonasidan asta-asta odimlab kelasan. Yana sen haqindagi o'ylarim davomi butun borlig'imni o'z izmiga soladi. Ahir yuragimda sen borsanku! Salom azizam. Kechagidan farqli bo'lgan bu o'ylarim yana yangidan yangi ertaklar koshonasiga yetaklaydi. Yuragimni qo'llaringga ol va quloq tut. Yana izhorimning bayonin tingla! Dunyo poyonsiz deb o'ylardim. Aslida uning cheksizligi sen bilan ekan. Sensiz dunyo bunchalar tor, bunchalar g'arib ko'rinmasa. Agar seni eslaganimda, vujudimga yuguradigan huzurbaxsh tuyg'uni, sezmaganimda hijron azobi allaqachon "dardi bedavo"ga duchor etardi. Sen bir nursanki zulmat quchishiga yo'l bermaysan. Sen tog'dagi toza chashmasanki vujudim ishq olovida yonib bitishiga monelik ko'rsatasan. Odamlar har dardga malham vaqt deydilar. Vaqt o'tgan sayin seni ko'rmoq, ovozingni eshitmoq, bo'ylaringni tuymoq istagi bardoshimni qiyin qistovga olmoqda… Nazarimda butun vujudimni zo'r bir alanga qurshab olganday va hayotim shu harorat ichra ketayotganday. Kun sanay deyman-u, sanashga botinolmayman. Hijron damlari nainki kun, oylarga ulashib ketgan. Hayoling uzra jon saqlay desam sening yoding tashnalik, sog'inch va firoq hasratini ming chandon kuchaytirib boshimga azoblarni soladi. Eslamay deyman-u, butun borlig'im sen bo'lgach sendan o'zga yana kimni yodga olaman. Ahir yuragimda sen borsanku! Ishq o'zi qanaqa yovuz dard? Na o'ngingda, na tushingda halovat bor. Yana bir biriga chirmashib ketgan og'riqli, havotirli hayollarga ne deysiz. Na odamlar ichida o'y-hayollardan qutulasan, na yolg'iz qolganingda. Ahir sening ishqingda sensiz, tanho yashab bo'larmidi? Uyquga sening yoding ila bosh qo'yaman. Tongchog'i kipriklarim qo'zg'almay turib sog'inch dardi ila to'lg'olaman. Men yana seni qumsayman. Seni sog'inaman, seni sevaman. Bizni ne bog'lashi mendan so'ramagin. Sendan nimani izlashimni o'zim ham bilmayman. Bilganim bu bir sir. Bilganim chindan seni sog'inib, seni sevaman…
|